Xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-08-05 16:05:00 / Yangiliklar

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: Janubiy Koreyaning K-Water korporatsiyasi suv resurslarini har tomonlama rivojlantirish, ham ijtimoiy ahamiyatga ega suvlarni, ham sanoat suvlarini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi hukumat organi hisoblanadi.
Osiyo suv kengashiga 2015-yilda Janubiy Koreya tashabbusi bilan asos solingan. Bugungi kunda 26 ta mamlakatdan 170 dan ziyod ishtirokchilarni birlashtirgan ushbu kengash suv tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirishni, suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Uchrashuvda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev Osiyo suv kengashi suv xo‘jaligi sohasida nafaqat qit’ada, balki jahondagi eng faol tashkilotlardan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik vakillari bir necha bor K-Water korporatsiyasiga tashrif buyurib, koreyaliklarning tajribasini o‘rganishgan.
Mehmonlarga mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, kanallarni betonlash, nasoslarni modernizatsiya qilish, suv omborlar va gidrotexnik inshootlarni qurish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Mamlakatimizdagi sug‘oriladigan 4,3 mln gektar maydon 2030-yilgacha suv tejovchi texnologiyalar bilan to‘liq qamrab olinishi aytib o‘tildi.