O‘zbekiston – Yaponiya: qishloq xo‘jaligidagi yangi istiqbollar
2025-08-15 09:25:00 / Yangiliklar

Suhbat davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati, mavjud imkoniyatlar hamda kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Ashikari Motoyuki mamlakatimizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning betakror mazasi va yuqori sifatini alohida e’tirof etib, bu jihatlar xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirishini ta’kidladi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari kuchayib borayotgan sharoitda O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Vazir o‘z navbatida O‘zbekistonda agrobiotexnologiya va ilmiy-tadqiqot ishlariga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘zlab berdi.
Xususan, genomika va bioinformatika markazida olib borilayotgan izlanishlar, yangi navlar yaratish va ularni turli iqlim sharoitlariga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tomonlar, ayniqsa, sho‘rlangan tuproqlar va suv tanqisligi sharoitida yetishtirishga mos, chidamli sholi navlarini seleksiya qilish hamda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar.
Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi ilmiy va amaliy loyihalarga zamin yaratishi kutilmoqda.