Toshkentda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqining iqlim muammolari muhokama qilindi
2025-08-20 09:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Chernogoriya sobiq prezidenti Filip Vuyanovich, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi hammuassisi va Jahon banki sobiq vitse-prezidenti Ismoil Serageldin, ShHTning sobiq bosh kotibi, Tojikiston TIV sobiq rahbari Rashid Alimov va Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov iqlim o‘zgarishi endi faqat ilmiy bahs emas, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson salomatligi, iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlikka ta’sir qilayotganligini ta'kidladi. Vazir Markaziy Osiyo global o‘rtacha darajadan ikki baravar tezroq isib borayotganligi, muzliklar eriyotganligi, yerlar degradatsiyaga uchrayotganligi va Orol dengizi qurishining oqibatlari hali ham davom etayotganligini qayd etdi.
A.Abduhakimov ushbu muammolarga javoban O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bir qancha islohotlar amalga oshirilayotganligi, xususan, Ekologiya vazirligi faoliyati o‘zgarganligi, Milliy iqlim markazi tashkil etilganligi, "Green University" ochilganligi, “Yashil makon” loyihasi orqali har yili 200 million daraxt ekilayotganligi, sug‘orish tizimi modernizatsiya qilinib, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilayotganligi hamda quyosh va shamol energiyasi kabi yashil energetika rivojlantirilib, 2030-yilga borib uning ulushi 50% dan oshishi rejalashtirilganligini aytib o‘tdi. Vazir, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, muzliklarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish va "Green University"ni ilmiy hamkorlik platformasiga aylantirish borasida hamkorlik qilishni taklif etdi.
Muhokama davomida ishtirokchilar iqlim muammolari jamoaviy mas’uliyat va birgalikdagi yechimlarni talab qilishiga kelishib oldilar. Ta’kidlanganidek, transmintaqaviy hamkorlik texnologiyalar almashinuvi, innovatsiyalar va barqaror rivojlanishni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Markaziy Osiyoning iqlim kelajagi mintaqadagi barcha davlatlar va ularning Yevropadagi hamkorlarining birgalikdagi ishtirokiga bog‘liq ekani qayd etildi.
Sessiya yakunida ishtirokchilar 2025-yil noyabr-dekabr oylarida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan yoʻqolib borayotgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES COP20) ishtirokchilarining 20-konferensiyasi, 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik fondning 8-assambleyasi va "Eco Expo Central Asia" ko‘rgazmasiga taklif qilindi. Bu platformalar muloqotning muhim davomi bo‘lib, ekologiya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasida transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.