Belarus – O‘zbekiston kasbiy ta’lim hamkorligi kengaymoqda
2025-08-21 16:55:00 / Yangiliklar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida o‘tgan uchrashuvda “2024–2025-yillarda kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi” hamda birinchi Belarus–O‘zbekiston kasbiy ta’lim forumi (29–30-aprel 2024-yil) doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Hozirgacha amalga oshirilgan ishlarga ko‘ra, Belarusiyadagi kompetensiya markazlari O‘zbekistondagi 14 ta bazaviy kasbiy ta’lim muassasasi bilan mentorlik asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shu asosda 11 ta integratsiyalashgan yangi ta’lim dasturi ishlab chiqilib, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab joriy etildi. Mazkur dasturlar asosida 834 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Shuningdek, 72 nafar rahbar va pedagog kadr Belarusiyadagi kompetensiya markazlarida malaka oshirdi, 30 dan ortiq qo‘shma seminar va mahorat darslari tashkil etildi. O‘zbekistonlik o‘quvchi va mutaxassislar esa Minsk shahrida o‘tkazilgan “VI Respublika kasb chempionati”da faol ishtirok etdi.
Uchrashuv yakunida 2025-yil uchun ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Jumladan, 14 ta bazaviy ta’lim muassasasini o‘quv-metodik adabiyotlar va raqamli resurslar bilan ta’minlash, imzolangan memorandumlar asosida yangi ta’lim dasturlarini joriy etish, “II Belarus–O‘zbekiston professional ta’lim forumi”ni yuqori saviyada o‘tkazish hamda o‘zbek pedagog va o‘quvchilarining Belarusiyada stajirovka va amaliyot o‘tashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan.